O‘zbekistonda 60 mingga yaqin avtomobil ekologik nazoratdan o‘tkazildi
«Toza havo» oyligining birinchi bosqichi doirasida 10-apreldan bugungi kunga qadar mamlakat barcha hududlarida 58 822 ta avtomashina ekologik nazoratdan o‘tkazildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – Atmosfera havosini muhofaza qilish va Ekologik nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishdan iborat.
Natijalar bo‘yicha 518 ta avtomobil emissiya me’yorlaridan oshib ketgan. Shu munosabat bilan 303 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan jami 50,1 mln so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi. Bundan tashqari, 222 ta avtomashinaning faoliyati ekologiya qoidalariga rioya qilish uchun vaqtincha to‘xtatildi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston haydovchilar uchun uchta ekologik zonaga bo‘linishi haqida e’lon qilgan edi.