Buyuk Britaniya Oʻzbekistondan 10 mingdan ortiq tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Oʻzbekiston Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar, Sogʻliqni saqlash vazirliklari va boshqa idoralar vakillarining Britaniyaning «NEU Professionals rekruting» kompaniyasi bilan uchrashuvida kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston fuqarolari Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarda $3 ming maoshlik ishga joylashtiriladi.
Britaniya tomoni oʻzbekistonlik shifokorlar, jumladan, hamshiralar qobiliyatlari, tajribasi va til billish koʻnikmalariga qarab lavozim oʻsishiga ishonishlari mumkinligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, xorijda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari soni 2-3 million kishini tashkil etadi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda mehnat muhojirlari uchun 24 soatlik aloqa markazi ishga tushishi haqida xabar bergan edi.