2024-yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekiston $360,2 millionlik gaz xarid qildi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 2,3 baravar koʻp. Bu haqda Statistika agentligi xabar bermoqda.
Shu bilan birga, shu vaqt ichida mamlakatimizdan yillik oʻsish 2,5 foizni tashkil etgan holda $45,4 millionlik «koʻk yoqilgʻi» eksport qilindi.
Oʻzbekiston 2026-yildan boshlab Rossiya gazini xarid qilishni qariyb toʻrt barobarga, ya’ni 11 milliard kub metrgacha oshirish niyatida.
Joriy yilda Rossiya gazining Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga tranziti 3,8 milliard kub metrni tashkil etdi, bu bir yil oldingiga nisbatan deyarli uch barobar koʻpdir. 2023-yilda bu koʻrsatkich 1,28 milliard kub metrni tashkil qilgan.
Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan gaz boʻyicha 15 yillik shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda gaz qazib olish 5,9 foizga kamayib, 11,5 milliard kub metrga qisqargani haqida xabar bergan edi.