Ilon Mask yana Xitoyga tashrif buyurdi
Dunyoning eng boy odamlaridan biri, amerikalik tadbirkor Ilon Mask kutilmagan tashrif bilan Xitoyga keldi. U mamlakat Davlat kengash vaziri Li Syan bilan uchrashdi. Bu haqda «Reuters» nashri xabar bermoqda.
Jurnalistlarning maʼlum qilishicha, Mask tashrif davomida oʻzi egalik qiladigan Xitoydagi «Tesla» kompaniyasi avtomobillariga oʻzini oʻzi boshqaradigan dasturiy taʼminotni joriy etish masalasini hal qilishni, shuningdek, maʼlumotlarni xorijga chiqarish uchun ruxsat olishni rejalashtirgan.
«Men uchun Bosh vazir Li Syan bilan uchrashish katta sharaf. Biz bir-birimizni Shanxaydagi ishimizning ilk kunlaridanoq bilamiz», deya Maskning soʻzlarini keltiradi agentlik.
«Tesla»ning Amerika Qoʻshma Shtatlaridan (AQSh) tashqaridagi birinchi zavodi Shanxayda 2018-yilda ish boshlagan.
«Tesla» hali Xitoy bozorida mavjud boʻlgan avtomobillarda FSD Autopilotning soʻnggi versiyasini ishga tushirmagan. Aprel oyida Mask buni «tez orada» amalga oshirish rejalashtirilganini aytgan edi. «Wedbush» moliyaviy konglomerati tahlilchilarining fikricha, Tesla rahbarining Xitoyga kutilmagan tashrifi bunga hissa qoʻshadi, shuning uchun ham bu muhim voqea deb hisoblanadi.
Oʻz navbatida, «Sinxua» agentligining xabar berishicha, Li Syan «Tesla»ning Xitoydagi rivojlanishini AQSh bilan hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi deb atagan. Siyosatchining fikricha, Xitoy bozori xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar uchun ochiq qoladi.
«Kursiv» xabar berganidek, soʻnggi oylar «Tesla» uchun oson boʻlayotgani yoʻq. Kompaniya katta miqyosda ishchilarni ishdan boʻshatdi. Shunga qaramay, aprel oyining uchinchi oʻn kunligida kompaniya aksiyalari Maskning arzon elektromobillar ishlab chiqarishni jadallashtirish haqidagi bayonotlari fonida koʻtarildi.
Toshkent vaqti bilan soat 7:20 holatiga koʻra, «Tesla» qimmatli qogʻozlari oʻsmoqda (kuniga -3,57%), aksiya taxminan $176 ga baholanmoqda.
2023-yilda Xitoyga Ilon Mask va qator amerikalik tadbirkorlar tashrif buyurgan edi. Tashriflar AQSh va Xitoy oʻrtasida kuchayib borayotgan savdo mojarosi fonida amalga oshirildi.