Yangiliklar

Birinchi chorakda BYD kompaniyasining sof foydasi 11 foizga oshdi

Bu Kompaniya aksiyalarining oshishiga ham olib keldi
Foto: Unsplash

Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi BYD kompaniyasining 2024-yil birinchi choragidagi sof foydasi 4,57 milliard yuanni ($630,7 million) tashkil qildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga koʻp. Bu haqda «Finmarket» agentligi xabar bermoqda.

Chorakdagi umumiy daromad esa 124,94 milliard yuanni ($17,24 milliard) tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 4 foizga koʻp.

Sof foyda va daromadning oshishi BYD elektromobillarini yetkazib berish hajmining oshishi fonida yuz berdi: birinchi chorakda kompaniya 626,3 mingga yaqin avtomobillar sotdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 13 foizga koʻpdir.

Hisobotlarning e’lon qilinishi BYD aksiyalari narxining oshishiga ham olib keldi. Gonkong fond birjasida qimmatli qogʻozlar 1,7 foizga qimmatlashdi.

Avvalroq «Kursiv» BYD Oʻzbekiston avtomobil bozorining yarmini egallashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Shuningdek, BYD Song Pro O‘zbekiston bozoriga rasman kirib kelgani haqida ham xabar berilgan edi.