Yangiliklar

Oʻzbekistondagi eng koʻp xodim ishlaydigan korxonalar ro‘yxati e’lon qilindi

Ro‘yxat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tuzildi
Foto: microolga/Depositphotos

Joriy yilning 29 aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi eng yirik ish beruvchi Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) boʻldi, deb xabar bermoqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

NKMKda 48,3 mingdan ortiq kishi ishlaydi. Ikkinchi oʻrinda 36,6 ming ishchi bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) joy oldi. Kuchli uchlikni 34,8 ming kishi bilan «Temiryoʻlinfratuzilma» AJ yakunlab berdi.

Shuningdek, vazirlik roʻyxatidan 16,6 ming xodimga ega «UzAuto Motors» (7-oʻrin) va «Anglesey food» (Korzinka brendi) – 12,7 ming ishchi bilan (10-oʻrin) joy oldi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning birinchi choragida davlat gʻaznasiga soliq tushumlari 40,3 trillion soʻmni tashkil qilgan. Yil davomida bu koʻrsatkich 6,5 foizga oshgan. Yigʻimlarning asosiy qismi daromad soligʻi – 9,7 trillion soʻm, QQS – 8,4 trillion soʻm, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi – 7,7 trillion soʻmga toʻgʻri keldi.

Avvalroq «Kursiv» joriy yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekiston Respublikasida 2,1 mingdan ortiq yirik soliq toʻlovchilar jami 24,5 trillion soʻm soliq toʻlagani haqida xabar bergan edi.