Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan tartibda tegishli oʻrganishlar oʻtkazib, «Binance» kriptobirjasi qonunchilikka zid ravishda litsenziya olmasdan fuqarolariga xizmat koʻrsatib ketayotganligini aniqladi. Bugun, 3-may kuni Toshkent shahri Iqtisodiy sudida navbatdagi sud majlisi boʻlib oʻtdi. Sudga «Kursiv» muxbiri ham keldi. Unda «Binance» vakili majlisni keyinga qoldirishni so‘radi. Navbatdagi majlis 17-mayga qoldirildi.
ILMA tomonidan bir necha marta Binanceʼga murojaat qilingan, lekin muammolarni hal qilish boʻyicha kriptobirjadan javob kelmagan. Natijada agentlik «Binance» ustidan sudga murojaat qilishga majbur boʻldi.
«Kriptobirja boʻyicha Oʻzbekiston qonunchiligida belgilangan vakolatlarimiz bor, yaʼni oʻrnatilgan tartibda faoliyat olib bormasa, jarimaga tortishimiz mumkin. Buning ham qarorini chiqarib, ularga joʻnatganmiz. Lekin «Binance» jarimani toʻlamagani uchun sudga murojaat qildik», deydi agentlikning Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Askarjon Zokirov.
Shuningdek, Oʻzbekiston prezidentining tegishli qaroriga muvofiq 2023-yilning 1-yanvar kunidan boshlab, Oʻzbekiston fuqarolari faqat milliy xizmat provayderlaridan faoliyatlarini olib borishlari mumkinligi belgilangan. Lekin «Binance» 2023-yiling yanvar oyidan 2023-yilning oxirigacha qarorga boʻysunmasdan faoliyat olib borgan.
«Biz «Binance» bilan 2022-yildan oldin (“Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida»gi qonun chiqishidan oldin – tahr.) ham muzokalar olib borganmiz. Ularga Oʻzbekistondagi qonunlarni taqdim qilganmiz. Avvaliga «Binance» qonunlarga tayyorligini aytdi. Keyin koʻrib chiqish uchun vaqt soʻradi. Lekin shu vaqt ichida ham fuqarolarimizga xizmat koʻrsatishda davom etgan. Keyinchalik «Binance» ular uchun kartadan toʻlovlarni qabul qilmaslik va P2P ni ochib berishni soʻradi”, deydi Zokirov.
Qachonki, «Binance» kriptobirjasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻzda tutilgan litsenziya talablarini bajarsa, kriptobirja faoliyatiga rasman ruxsat berilishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» «Binance» Oʻzbekistonda jarima toʻlamagani uchun sudga tortilishi haqida xabar bergan edi.