O‘zbekiston Yaponiyaga imkoniyatni boy berdi
3-may kuni Qatarda boʻlib oʻtayotgan Osiyo kubogi finalida Oʻzbekiston Yaponiyaga qarshi maydonga tushdi.
1-taymda hamyurtlarimiz raqib darvozasi oldida yaxshi hujumlar uyushtirishdi, ammo toʻp yo darvoza toʻsiniga, yo darvozabon qoʻliga tegdi. 1-taymda hisob ochilmadi.
2-taymda jamoalar bir-birining darvozalariga xavfli hujumlar uyushtirishdi, biroq gol boʻlmadi. 2-taymning qoʻshib berilgan vaqtida Fuki Yamada Oʻzbekiston darvozasiga 20 metrdan zarba berdi va hisobni 1:0 ga oʻzgartirdi. 90+9 daqiqada toʻp yaponiyalik himoyachining qoʻliga tegdi va Yaponiya darvozasiga penalti belgilandi. Umarali Rahmonaliyev penaltidan tepgan toʻpini esa raqib darvozaboni qaytardi va jamoasi gʻalabasini saqlab qoldi, tabloda hisob o‘zgarmadi – 1:0.
Yaponiya U-23 jamoasi «Osiyo kubogi – 2024» g‘olibi. Hamyurtlarimiz kumush medali sovrindorlari bo‘lishdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston U-23 jamoasi Osiyo kubogi finaliga ikkinchi marotaba chiqdi va oʻz tarixida ilk bor Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.