Oʻzbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov FIDE Cicruit reytingida birinchi oʻrinni egalladi. U Chexiya va Shvetsiyadagi turnirlardagi gʻalabalar, shuningdek, «Tata Steel Masters» musobaqasida uchinchi o‘rinni olgani evaziga ushbu reytingda 55,4 ochko jamgʻardi.
Hindistonlik grossmeyster Erigaisi Arjun 52,3 ochko bilan ikkinchi oʻrindan joy oldi. Kuchli uchlikni hindistonlik yana bir shaxmatchi Gukesh Dommaraju 41,1 ochko bilan yakunlab berdi.
Eslatib oʻtamiz, FIDE shaxmatchilarning joriy yilning may oyidagi reytingida Abdusattorov beshinchi oʻrinda bormoqda. Reyting yetakchisi norvegiyalik Magnus Karlsen hisoblanadi.
Shu bilan birga, Nodirbek Abdusattorov oʻsmir grossmeysterlarning may oyidagi reytingida peshqadamlik qilmoqda. Oʻzbekistonlik shaxmatchi joriy yilning mart oyidan buyon ushbu roʻyxatdagi peshqadamligini saqlab turibdi.
Avvalroq «Kursiv» Nodirbek Abdusattorov «Prague Masters» musobaqasida muddatidan oldin chempion boʻlgani haqida xabar bergan edi.