Yangiliklar

Behzod Abdurahmonov Visaʼning Oʻzbekistondagi mintaqaviy boʻlinmasi rahbari etib tayinlandi

Abdurahmonov kompaniyada 2020-yildan beri ishlab kelmoqda

Visa kompaniyasining Oʻzbekistondagi mintaqaviy boʻlinmasiga Behzod Abdurahmonov rahbar etib tayinlandi. Bu haqda «Kursiv»ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Abdurahmonov asosiy e’tiborni bozorni rivojlantirish va xavfsiz raqamli toʻlovlar sohasidagi hamkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratadi. U 2020-yildan beri Visaʼda faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, bank hamda moliya sohasida 15 yillik tajribaga ega.

Behzod Abdurahmonov moliyaviy texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar va banklar bilan hamkorlikni davom ettirishdan mamnun ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Visa — elektron toʻlovlar sanoatida dunyodagi yetakchi hisoblanib, 200 dan ortiq mamlakatda tranzaksiyalarni amalga oshiradi.

Avvalroq «Kursiv» oʻtgan yilning kuzida Visa mamlakatimizda mintaqaviy vakolatxonasini ochgani haqida xabar bergan edi.