Yangiliklar

Kichik issiqxonalar o‘rnatish uchun beriladigan subsidiyalar miqdori o‘zgartirildi

Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi
Foto: Pixinooo/ depositphotos.com.

Vazirlar Mahkamasining «Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»dagi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, endilikda yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilish uchun beriladigan subsidiyalarning belgilangan miqdori bekor qilindi.

Shuningdek, yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilishga subsidiya olish uchun tomorqa faqat yer egasiga ajratilishi haqidagi talab ham bekor bo‘ldi.

Endilikda subsidiya miqdori agentlikning hududiy boshqarmasi, yetkazib beruvchi tashkilot va talabgor oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma shartlariga bogʻliq boʻladi.

Avvalroq «Kursiv” fuqarolar uy-joy subsidiyasini olish uchun qancha daromadga ega boʻlishi kerakligi haqida xabar bergan edi.