Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev charm sohasidagi yangi loyihalar uchun soʻnggi yillarda katta mablagʻlar ajratilishiga qaramay, ishlar yetarlicha yoʻlga qoʻyilmaganini tanqid qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Sohada yangi loyihalar uchun $40 million arzon resurs ajratilgani, xalqaro kredit liniyalaridan $100 million jalb etilganiga qaramay, mutasaddilar bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻymoqda», deydi davlat rahbari.
Shuningdek, ikki yil oldin 155 gektar joy ajratilib, charmga ixtisoslashtirilgan 16 ta kichik sanoat zonasi qilingani qayd etildi.
Ohangaron va Urgut tumanlarida loyihalar boshlangan boʻlsa-da, Nurafshon shahrida, Uychi, Angor, Qoʻqon, Qoʻshtepa, Oltinkoʻl, Sharof Rashidov tumanlari, Namangan shahri, Shahrixon, Samarqand, Hazorasp, Buxoro, Nukus tumanlari, Qarshi shahrida bu ishlar lozim darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi.
«Joriy yilda Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida bittadan yirik charm klasterini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Bunda ekologiyaga javob beradigan suv tozalash inshooti va bino qurish uchun 40 million dollar arzon resurs yoʻnaltiriladi. Bu yerdagi tayyor loyihalarga 7-yilda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan tabiiy va sun’iy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar joylashtiriladi», deyiladi prezident matbuot kotibi xabarida.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev charm, gilamchilik va pilla sanoatida mavjud boʻlgan ayrim muammolar haqida gapirgan edi.