Oʻzbekiston Falastinga koʻproq huquqlar berilishi uchun ovoz berdi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining favqulodda boʻlib oʻtgan sessiyasida ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Falastinga kengaytirilgan huquqlar beruvchi rezolyutsiyaga ovoz berdi.
Shu bilan bir vaqtda, hujjat Falastinga BMTda ovoz berish yoki oʻz nomzodini koʻrsatish huquqini bermaydi.
«Bosh Assambleyaning nizomiga koʻra, BMTga toʻlaqonli a’zolik maqomi bera olmaydi, buning uchun Xavfsizlik Kengashi tavsiyasi kerak», deyiladi bayonotda.
Hujjatning qabul qilinishi uchun 143 ta davlat ovoz berdi, 9 ta davlat qarshi chiqdi hamda 25 ta delegatsiya betaraf qoldi. Barcha Markaziy Osiyo davlatlari Falastinga kengaytirilgan huquqlar berilishini qoʻllab-quvvatladi.
BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari orasida rezolyutsiya Xitoy, Rossiya va Fransiya tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. AQSh qarshi ovoz berdi, Buyuk Britaniya esa betaraf qoldi.
Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan rezolyutsiyani tanqid qilib, uni terrorchilar uchun dalda deb atadi.
«Siz zamonaviy natsizm uchun BMT eshiklarini ochmoqdasiz. Bu mening koʻnglimni aynitmoqda», dedi u.
Avvalroq «Kursiv» 2023-yil dekabrida Oʻzbekiston Falastin va Isroil oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish uchun ovoz bergani haqida xabar bergan edi.