Yangiliklar

O‘zbekiston ko‘mir qazib olishni 1,5 barobarga oshirishni rejalashtirmoqda

Prezident bu haqda taqdimotni ko‘rib chiqdi
Rasm: depositphotos.com

O‘zbekiston 2025-yilga borib ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda, bu 2023-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘pdir. Qazib olish hajmi bo‘yicha rejalar 13-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.

Taqdimotda qayd etilishicha, mamlakatdagi ko‘mir zaxiralari qariyb 2 mlrd tonnani tashkil etadi va respublikada ushbu resurslarni bosqichma-bosqich o‘zlashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish yo‘lga qo‘yilgan.

Ko‘mir konlarga investorlarni jalb etish, yangi loyihalarni amalga oshirish sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridandir, ta‘kidlagan edi prezident. O‘tgan yili xususiy sektorni jalb etish jarayonida o‘zgarishlar bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan 369 ming tonna ko‘mir qazib olindi.

Joriy yilda ko‘mir qazib olish hajmi 8 mln tonnaga, jumladan, tadbirkorlar tomonidan qazib olinadigan 900 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Ushbu reja doirasida «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatida yiliga 500 ming tonna ko‘mirni boyitish uskunasi ishga tushiriladi.

Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi to‘rtta uchastkada olib borilgan geologik ishlar kelgusi yilda ko‘mir qazib olishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda ko‘mir qatlamlarini baholash va burg‘ilash ishlari 2025-yilgacha ishlab chiqarishni 10 million tonnaga yetkazishga qaratilgan. Mirziyoyev tomonidan xalqaro standartlarni joriy etish, ko‘mir sifatini oshirish, sohada investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda tog‘-kon sanoatiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar 36,3 trln soʻmga yetganini e’lon qilgan edi.