Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari respublikada uy-joy bozori bo‘yicha aprel oyi yakunlarini sarhisob qildi. Mart oyida biroz pasayishdan so‘ng, aprelda vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi.
Aprel oyida O‘zbekiston uy-joy bozoridagi bitimlar soni 11,2 foizga oshib, 20 mingta shartnomani tashkil etdi. Ammo aprel oyidagi natijalar o‘tgan yilgi darajadan 2 foizga pastroq bo‘ldi.
Hududlar bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoridagi faollikning eng katta o‘sishi Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida mos ravishda 24 foiz va 22,3 foiz, Qoraqalpog‘istonda 23,5 foizga kuzatildi. Poytaxtning uy-joy bozorida esa oyiga bitimlar soni 6,5 foizga oshdi.
Toshkentdagi ijara uy-joy bozoriga kelsak, aprel oyida yana pasayish dinamikasini ko‘rsatdi. Xaridor faolligi 4,3 foizga kamaydi va 1 kvadrat metr uy-joy narxi $8,3 tashkil etdi.
Ikkilamchi uy-joy bozorida aprel oyida narxlar 0,7 foizga biroz pasaydi, lekin yillik ko‘rinishda ikkilamchi uy-joy narxlari 11,6 foizga ko‘tarildi. Bu turdagi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi qayd etilgan viloyatlar Toshkent (23,6 foiz), Buxoro (21,3 foiz) va Xorazm (20,5 foiz) bo‘ldi.
Poytaxtda ikkilamchi uy-joylar narxining oshishi tezlashdi. Narx ko‘tarilishi Bektemir (3,8 foiz), Yakkasaroy (3,6 foiz) va Chilonzor (3,1 foizga) tumanlarida kuzatilgan.
Yil davomida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning oʻrtacha narxi qariyb 13 foizga oshdi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda kvartira uchun minimal to‘lov miqdori tasdiqlanganini e’lon qilgan edi.