O‘zbekistondan onlayn qimor oʻyinlari orqali bir yilda qancha pul chetga chiqib ketayotgani ma’lum qilindi
Oʻzbekistondan onlayn qimor oʻyinlari orqali bir yilda taxminan $300 milliondan $1 milliardgacha boʻlgan pullar chet elga chiqib ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) boshqarma boshligʻi Nodirjan Djoʻrayev ma’lum qildi.
Bugun, 13-may kuni Oʻzbekiston milliy matbuot markazida «Oʻzbekistonda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrida»gi prezident farmoni yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, Djoʻrayevning qoʻshimcha qilishicha, Oʻzbekistonda qimor oʻyinlari asosan internet orqali tashkil qilinadi.
«Oʻzbekistonda qimor oʻyinlarini tashkil qilish, asosan, internet orqali yoʻlga qoʻyiladi. Qabul qilingan farmonda kazino va boshqa oflayn oʻyinlar tashkil etish nazarda tutilmagan», deydi DJoʻrayev.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda tavakkalchilikka asoslangan oʻyin va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edi.