Oʻzbekiston va Rossiya toʻlovlarning 55 foizini milliy valyutalarda amalga oshirmoqda – Rossiya TIV
Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida milliy valyutalarda oʻzaro hisob-kitoblar hajmi 55 foizni tashkil etdi, deb xabar berdi Rossiya TIV rahbari oʻrinbosari Mixail Galuzin. Uning so‘zlarini Sputnik e’lon qildi.
Diplomatning qoʻshimcha qilishicha, Rossiyaning Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan milliy valyutadagi hisob-kitoblari ulushi 80 foizga yetgan.
«Rossiya Markaziy Osiyo uchun ishonchli va asosiy savdo-iqtisodiy sherik boʻlib, bu tovar ayirboshlashning oʻsishi bilan tasdiqlanadi. O‘tgan yili uning umumiy hajmi 44 milliard dollardan oshdi va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi savdosining 33 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi», dedi Galuzin.
Avvalroq «Kursiv» 2030-yilga borib Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 milliard dollarga yetishi haqida yozgan edi.