Savdo aloqalarining diversifikatsiyalashuvi Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlarni ochadi — XVJ
Diversifikatsiyalangan savdoning koʻpayishi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekistonga foyda keltirishi mumkin. Bu haqda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) hisobotida maʼlum qilindi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, pandemiya oqibatlari, geoiqtisodiy parchalanish va Rossiyaning Ukrainaga qilgan urushi global savdo dinamikasini oʻzgartirdi. Bu muammo tugʻdirgan boʻlsa-da, savdoning qayta yoʻnaltirilishi, ayniqsa, Kavkaz va Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Urush boshlanganidan buyon mintaqa iqtisodiyoti mustahkamligini koʻrsatdi va koʻplab mamlakatlarda savdo faolligi, qisman muqobil savdo yoʻllari tufayli keskin oshdi.
2022-yilda Armaniston, Gruziya va Qirgʻizistonning Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va AQSh kabi yirik hamkorlar bilan savdodagi ulushi neft va gazdan tashqari 60 foizga oʻsdi.
Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasining global qiymat zanjirlarida ishtiroki ham oshdi. Jumladan, jahon qiymat zanjirlarida ishtirok etish, ya’ni koʻp bosqichli savdo jarayonining bir qismi boʻlgan eksport ulushi barcha Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida (Tojikistondan tashqari) ortdi. Gruziya, Qozogʻiston va Oʻzbekiston ishlab chiqarish va eksport qilishda xorijiy resurslardan foydalanishni kengaytirdi.
Shu bilan birga, ma’lum bir sekinlashuvga qaramay, Kavkaz va Markaziy Osiyoda yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 2025-yilda 4,8 foizgacha koʻtarilishidan oldin 2024-yilda 3,9 foizni tashkil etdi.
Markaziy Osiyo orqali Xitoy va Yevropa oʻrtasidagi savdo aylanmasi toʻrt baravardan oshdi. Garchi «Oʻrta yoʻlak» nomi bilan mashhur boʻlgan ushbu yoʻnalish Xitoy va Yevropa oʻrtasidagi umumiy savdoning kichik ulushini tashkil etsa-da, Kavkaz va Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishi va ularning global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvi uchun katta va’dalar beradi.
Eslatib oʻtamiz, 2023-yilda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb $10 milliardni tashkil qilgan edi.