Oʻzbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga koʻra, salkam bir oy oʻtib besh gramm ogʻirlikdagi oltin quymasining narxi rekord darajadagi 5,04 million soʻmga yetdi.
Avvalgi rekord 17-aprel kuni qayd etilib, oʻshanda regulyator narxni 5 million soʻm qilib belgilagan edi.
Joriy yilning 16-may holatiga koʻra, ogʻirligi oʻn gramm boʻlgan oltin quymasining narxi 10 million soʻm, shuningdek, 20 grammlik va 50 grammlik narxlar mos ravishda 20,1 million va 50,4 million soʻmni tashkil etadi.
Mart oyida Oʻzbekiston Markaziy banki oltin savdosi boʻyicha yana yetakchi boʻldi. Ushbu oy davomida regulyator tomonidan 11 tonna, fevral oyida 12 tonna qimmatbaho metall sotilgan.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Research Oʻzbekiston bank sektorining 2023-yil uchun reytingini tayyorlamoqda. Uni tuzishda moliyaviy koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi ochiq ma’lumotlardan foydalaniladi: aktivlar hajmi, oʻz kapitali, foyda va boshqa ma’lumotlar.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistondagi oltin-valyuta zaxiralari 1-may holatiga koʻra $35,1 milliardga yetgani va oylik oʻsish deyarli 3 foizni tashkil qilgani haqida xabar bergan edi.