Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklar ogohlikka chaqirildi
Soʻnggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklar orasida internetdagi e’lonlar orqali katta pul evaziga mahsulotni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, norasmiy kuryerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish taklif qilinmoqda. Buning oqibatida politsiya xodimlari tomonidan ular ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʻlyapti.
«Yurtdoshlarimizdan norasmiy kuryerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni soʻraymiz», deyiladi xabarda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston fuqarolari Rossiyada kuchaytirilgan xavfsizlik choralari yuzasidan ogohlantirilgani haqida xabar bergan edi.