Qozoq tili va tarixini bilmaydiganlarga Qozogʻiston fuqaroligi berilmasligi mumkin
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev «Qozogʻiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholi migratsiyasi va jazoni ijro etish tizimi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonunni imzoladi.
Qonunning yangi tahririga koʻra, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etish, boshlangʻich darajada davlat tilini, Qozogʻiston Konstitutsiyasi asoslarini hamda tarixini yetarli darajada bilmagan shaxslarga Qozogʻiston fuqaroligi berilmasligi mumkin.
Qozogʻistonda doimiy yashash uchun ruxsat olish huquqini beruvchi koʻp martalik investorlik vizasi hamda talabgir kasb egalari uchun esa doimiy viza rejimi joriy etiladi.
Shuningdek, ekstremistik yoki terroristik tashkilotga aloqador, takroran jinoyat sodir etgan, uyushgan guruh (jinoiy tashkilot) tarkibida yetakchi mavqeni egallab turgan, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning mamlakatga kirishi taqiqlanadi.
Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart Toqayevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.