Qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirganlarga jarima solinmaydi
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati ixtiyoriy ravishda pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish quroli kabi o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarini topshirgan shaxslarga jarima solinmaydigan qonunni ma’qulladi, deb xabar bermoqda parlament yuqori palatasi sayti.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2201-moddasiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Senatning fikricha, bu noqonuniy qurollarni ixtiyoriy ravishda topshirishga undaydi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o’tmagan 1 mingdan ortiq qurol aniqlangan. Mazkur 2201-modda bo‘yicha 839 nafar fuqaro javobgarlikka tortildi.
«Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga qaramasdan o‘qotar bo‘lmagan, ya’ni pnevmatik qurolga noqonuniy egalik qilish, uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish bilan bog‘liq holatlar bugungi kunda ham kuzatilmoqda. Jumladan, 2023-yilda pnevmatik qurollar bilan bog‘liq 5 ta noxush holat sodir etilgan va buning oqibatida 4 nafar fuqaro jarohatlangan, 1 nafar fuqaro esa halok bo‘lgan», deyiladi Senat bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, jarimalarni bekor qilish bo‘yicha ushbu o‘zgartirishlar bo‘yicha qonun prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» AQSh Savdo vazirligi 26-apreldan boshlab O‘zbekistonning besh qo‘shnisidan uchtasi: Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni o‘z ichiga olgan «yuqori xavfli davlatlar»ga o‘qotar qurol eksport qilish qoidalarini kuchaytirganini yozgan edi.