OTB Buxoroda quyosh elektr stansiyasini qurish uchun 46,5 million dollar ajratadi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Buxoro viloyatida «Nur-Buxoro» quyosh elektr stansiyasi va energiyani akkumulyator yordamida saqlash tizimi (EAYOST) obyektini qurish uchun 46,5 million AQSH dollari miqdoridagi qarz ajratadi, deb xabar qildi moliya muassasasi matbuot xizmati.
Loyihani Masdar amalga oshiradi. Elektr stansiyasining quvvati 250 MVtni tashkil qiladi. «Nur-Buxoro» 55 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlashi va 555 GVt/soat yashil energiya ishlab chiqarishi kutilmoqda.
«OTB mahalliy tijorat banklari osonlikcha taqdim eta olmaydigan iqlim choralariga
qaratilgan individual moliyalashtirish yechimlarini taqdim etishni maqsad qilgan», dedi OTB Xususiy sektor operatsiyalari bosh direktori Syuzan Gaburi.
Rejalarda 20 kilovoltli nimstansiya va uzunligi 3 kilometrdan ortiq elektr uzatish liniyasini qurish ham ko‘zda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» OTB O‘zRga «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida 3,5 milliard dollar ajratishi haqida yozgan edi.