Trip.com Group ma’lumotlariga koʻra, Toshkentdagi Hampton by Hilton Hilton O‘zbekistondagi xorijlik sayyohlar orasida eng mashhur mehmonxonalar reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda poytaxtdagi Danniel Hill Hotel va Art Hostel joylashdi. Respublikadagi eng mashhur beshta mehmonxona qatorida Samarqandning Buyuk Humo va Toshkentning The Royal Mezbon Hotel & Spa mehmonxonalari ham joy oldi.
Birinchi o‘ntalikka Central Asia Hotel (Buxoro), Hilton Garden Inn Samarkand va Omar Khayyam Hotel mehmonxonalari ham kirdi.
Trip.com Group – Xitoyning eng yirik sayyohlik kompaniyasi. Trip.com platformasi foydalanuvchilarga dunyoning ko‘plab mamlakatlarida turarjoy va sayohatlarni bron qilishni taklif qiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonga ko‘pincha 31 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar tashrif buyurishi haqida yozgan edi. Ushbu yosh toifasi mamlakatga tashrif buyurgan chet elliklarning qariyb yarmini tashkil qiladi.