O‘zbekistonda ayollarning umumiy pensiya yoshi (55 yosh) bir yilga qisqartirilishi mumkin. Bu haqda Pensiya jamgʻarmasi (PJ) xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur imtiyozdan foydalanish uchun ayollarda toʻliq 20 yil ish staji boʻlishi talab etiladi. Bunda ayollar «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisida»gi Qonunning 37-moddasida belgilangan bandlari asosida faoliyati davomiyligi 20 yilni tashkil etganida 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqish huquqi boʻladi.
Qachon 54 yoshdan pensiyaga chiqish huquqi boʻlmaydi?
Masalan, fuqaro 25-yil ish staji bilan 54 yoshdan yoshga doir pensiya tayinlashni soʻrab PJga murojaat qildi. Lekin fuqaro 3 ta farzandi uchun ushbu koʻrsatib oʻtilgan davrda 6-yil parvarishlash (dekret) davrida boʻlgan.
Bunday holda fuqaroning haqiqiy ish staji 19-yilni tashkil etadi va 54 yoshdan pensiya olish huquqiga ega boʻlmaydi. Ushbu holatda ayollarga 55 yoshdan pensiya tayinlanadi.
Avvalroq «Kursiv» pensiya miqdorini hisoblashda ustama va mukofot pullari ham inobatga olinishi haqida xabar bergan edi.