Turkiya turkiy davlatlarning mudofaa sanoatini rivojlantirishga tayyorligini bildirdi
Turkiya Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo mamlakatlarning mudofaa sanoatini rivojlantirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ma’lum qildi.
U Turkiy davlatlar parlament assambleyasi yigʻilishidagi nutqida mudofaa ekotizimini yaratish muhimligini ta’kidladi. Bunga erishish uchun oʻqitish va texnik xizmat koʻrsatish masalalarini hal qilish kerak.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yildagi dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida Turkiya sakkizinchi oʻrinni egallab turibdi.
Turkiyaning mudofaa byudjeti $40 milliardga baholangan, harbiy xizmatchilarning umumiy soni 883,9 ming nafar boʻlib, ulardan 355 mingdan ortigʻi xizmatda, 378,5 ming nafari esa zaxirada.
Jangovar tayyor tanklar soni 1,7 mingta, samolyotlar – 855, vertolyotlar – 402 ni tashkil qiladi.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy Osiyo davlatlari 2023-yilda mudofaa uchun $1,8 milliard ajratgani haqida xabar bergan edi.