Yangiliklar

Chery Oʻzbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni 2,2 martaga oshirdi

Bu haqda Statistika agentligi xabar bermoqda
Foto: voloha2003.mail.ru / www.depositphotos.com

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida Oʻzbekistonda qariyb 3,5 ming dona Chery avtomobillari ishlab chiqarildi. Bu haqda Statistika agentligi xabar bermoqda.

Chery avtomobillarini ishlab chiqarish oʻtgan yilning mos davriga nisbatdan 2,2 martaga ortgan.

Mazkur davrda eng koʻp ishlab chiqarilgan avtomobil esa Chevrolet Cobalt boʻlib, qariyb 42 ming dona (+50,3 foiz) ishlab chiqarildi. 23 mingta (+22 foiz) avtomobil bilan Damas ikkinchi oʻrinni egalladi. Kuchli uchlikni 17 mingta bilan Tracker yakunlab berdi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilda Chery Oʻzbekistonda umumiy hisobda 9,8 mingta avtomobil ishlab chiqargan.

Avvalroq «Kursiv» Kia Oʻzbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni 40 foizga oshirgani haqida xabar bergan edi.