Yangiliklar

Rossiya Crocusʼdagi teraktning tergov jarayonlarida yordam bergani uchun Oʻzbekistonga minnatdorchilik bildirdi

Bu haqda “TASS” xabar berdi
Foto: Grigorenko/Depositphotos

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov oʻzbekistonlik hamkasblariga, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston maxsus xizmatlariga Crocusʼda yuz bergan teraktning tergov jarayonlarida koʻrsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda «TASS» xabar berdi.

Bortnikovning ta‘kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari razvedka xizmatlari koʻmagida terrorchilik hujumiga tayyorgarlik koʻrish va uni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash «Viloyati Xuroson» guruhi tomonidan muvofiqlashtirilganini aniqlagan.

Joriy yilning 22-mart kuni Moskva yaqinidagi Crocus Citi Hollʼda terakt sodir boʻldi. Shu kuni bir guruh qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, otishma sodir etgan. Vafot etganlarning umumiy soni 145 kishini, yaradorlar esa 551 kishini tashkil qilgan.

«Viloyati Xuroson» 2015-yil yanvar oyi oxirida tashkil etilgan. Guruh «Islomiy davlat»ning afgʻon boʻlinmasi hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» joriy yil aprel oyi boshida Toshkentda ekstremistlar qoʻlga olingani haqida xabar bergan edi. Poytaxt huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga koʻra, mazkur holat yuzasidan 260 dan ortiq shaxslar javobgarlikka tortilgan.