Yangiliklar

Majburiy avtomobil sug‘urtasi qimmatlashishi mumkin

Bu haqda ILMA xabar berdi
Foto: Roman Fedotov/ Kursiv

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish (TVEFJMSQ) bo‘yicha amaldagi tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlar boshlanganini e’lon qiladi.

ILMA ma’lumotlariga koʻra, soʻnggi yillarda transport vositalari egalari tomonidan sugʻurta tovonini oʻz vaqtida toʻlamaslik boʻyicha murojaatlar soni koʻpaygan. Shuningdek, fuqarolar to‘lovning maksimal miqdori yetkazilgan zararni qoplash uchun yetarli emasligidan shikoyat qilmoqda.

«Tahlillarga asosan 2019 yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmagani sababli turli xil yo‘llar bilan to‘lovlar kechiktirib kelinmoqda», deyiladi ILMA xabarida.

Shuningdek, ILMA 2019-yilda belgilangan 40 million so‘mlik sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanganlarning xarajatlarini yetarli darajada qoplash imkonini bermayotganini ta’kidladi.

Shu sabablarga ko‘ra, ILMA O‘zbekistonda yuqoridagi muammolar bartaraf etilganligi uchun qanday maqbul tarifni belgilash mumkinligi bo‘yicha takliflarni qabul qiladi.

Yangi sug‘urta tariflari va sug‘urta summasini belgilash yuzasidan takliflar Telegram bot Napp_connect_bot orqali qabul qilinadi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda foydalanilgan mashinani qanchaga sotib olish mumkinligi haqida yozgan edi.