Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻiston uchun gaz sohasida hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
«Bu uch davlat: Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik. Bu yerda imkoniyatlar juda keng. Rossiya bunga ochiq», deydi Peskov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, bunday hamkorlik oʻzaro manfaatli boʻladi.
Shuningdek, matbuot kotibi Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26-may kuni Oʻzbekistonga tashrif bilan joʻnab ketganini ta’kidladi. Peskovning soʻzlariga koʻra, Putin Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan juda yaxshi munosabatlarga ega.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston va Rossiya gaz-kimyo majmuasini qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.