Oʻzbek kompaniyalari Ozon internet doʻkonida savdo qilishlari mumkin — Putin
Oʻzbekiston kompaniyalari oʻz mahsulotlarini Rossiyaning Ozon internet doʻkonida sotishlari mumkin boʻladi. Bu haqda «TASS» nashri Rossiya prezidenti Vladimir Putinning soʻzlariga tayanib xabar bermoqda.
Savdo platformasi Oʻzbekiston bozoriga 2023-yilning noyabr oyi oʻrtalarida kirib keldi. Marketpleys butun respublika boʻylab franchayzing asosida buyurtmalarni qabul qilish punktlari tarmogʻini rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Ushbu yondashuv tovarlarni yetkazib berish vaqtini qisqartiradi.
2024-yil aprel oyida marketpleys oʻzbek va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari tillarini biladigan tarjimonlar qidirilayotganini ma’lum qilgan edi.
«Bu yuqori darajadagi xizmat koʻrsatishni ta’minlash uchun koʻrayotgan qadamlarimizdan biridir», degan edi «Kursiv»ga kompaniya matbuot xizmati.
Oʻzbekiston Respublikasi Statistika agentligining 2024-yil may oyi boshidagi ma’lumotlariga koʻra, Rossiya Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Tovar aylanmasi dastlabki toʻrt oyda $3,8 milliardni tashkil etib, yillik oʻsish 31 foizni tashkil etdi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistondagi elektron tijorat bozori 2027-yilga borib $1 milliardga yetishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Joriy yilning may oyi holatiga koʻra bu koʻrsatkich $300 mlnni tashkil qiladi.