Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatish korxonalari qancha soliq toʻlagani ma’lum boʻldi
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatish sohasi korxonalari 2024-yilning yanvar-aprel oylarida byudjetga qariyb 9,9 trillion soʻm soliq toʻladi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi xabar bermoqda.
Shundan 2 trln soʻmdan ortigʻi, ya’ni 20,9 foizi 20 ta korxona hisobiga toʻgʻri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 21,7 trln soʻmni, qoʻllagan soliq imtiyozlari miqdori esa 1,5 trln soʻmni tashkil etadi.
Bu davrda xizmat koʻrsatish sohasining asosiy soliq toʻlovchisi korxonasi 489 mlrd soʻm bilan «Oʻzbektelekom» AJ boʻldi. Ikkinchi oʻrindan 204,9 mlrd bilan «Asia Trans Gas» Oʻzbekiston – Xitoy energetika kompaniyasi joy oldi. Kuchli uchlikni 183,1 milliard soʻm bilan «Unitel» («Beeline Uzbekistan») yakunlab berdi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning yanvar-mart oylarida xizmat koʻrsatish va servis sohasi korxonalari tomonidan byudjetga 6,7 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ toʻlangan.
Avvalroq «Kursiv» bukmeykerlik idoralaridan olinadigan soliqlar Oʻzbekiston byudjetiga $6 millionga yaqin daromad keltirishi haqida xabar bergan edi.