So‘nggi bir necha kun ichida O‘zbekistonda dollar kursi pasayib bormoqda. Buning ehtimoliy sabablarini iqtisodchi Otabek Bakirov tushuntirdi.
Unga ko‘ra, 24-maydan 28-mayga qadar Valyuta birjasida o‘tgan to‘rtta sessiyada dollarning so‘mga nisbati 74 so‘mdan ko‘proqqa, 12 650,09 so‘mgacha arzonlashgan. Bu 2024-yilda oʻzbek soʻmining birinchi marta bunday uzluksiz mustahkamlanishi. Oxirgi marta toʻrtta ketma-ket sessiyada soʻmning mustahkamlanishi 2023-yil oktabrda yuz bergan edi. Lekin oʻshanda mustahkamlanish biroz kamtarona 35,96 soʻmni tashkil etgan edi. Oʻshanda soʻmning mustahkamlanishi $660 mlnlik obligatsiyalardan tushumni sotish tufayli roʻy bergani e’lon qilingan hisobotlardan ma’lum boʻlgandi.
Iqtisodchining qayd etishicha, so‘mning bu gal vaqtinchalik mustahkamlanishi davlat obligatsiyalaridan tushgan tushumlar ($600 mln va 600 mln yevro) valyuta birjasiga sotilishi hisobiga yuz berishi mumkin edi.
Bu operatsiyalarning may oyida bo‘lib o‘tgani Markaziy bank intervensiyalarining qisqarishiga va oltin-valyuta zaxiralarining vaqtincha ko‘payishiga olib kelishi mumkin, hatto oltin bahosi faktorini hisobga olmasa ham, deb hisoblaydi Bakirov.
Bularning barchasidan iqtisodchi so‘mning kuchayishi vaqtinchalik, degan xulosaga keldi.
Avvalroq «Kursiv» ekspertlardan O‘zbekistonda dollar kursi qanday bo‘lishi haqidagi prognozlarini so‘ragan edi. Ular yilning birinchi yarmi oxirigacha 13 000 ga ko‘tarilish ehtimolini bashorat qilmoqdalar.