«Ashxobod» ko‘ngilochar bog‘i ma’muriyati vakillari 15 sutkaga qamaldi

eʼlon qilindi
Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra
Rasm: IIBB

«Ashxobod» bog‘i bosh direktori, uning o‘rinbosari va reklama bo‘limi boshlig‘i 1-iyun kuni 20 ming dona tekin o‘yinchoq tarqatish bo‘yicha tadbir uyushtirgani uchun 15 sutkaga qamaldi. Boqqa juda ko‘p odamlar keldi, yo‘llarda katta tirbandliklar yuzaga keldi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

Natijada bogʻ hududidiga kirish/chiqish va ayrim ichki yoʻnalishlarida tiqilinch vaziyat hamda boqqa olib keluvchi va yaqin avtomobil yoʻnalishlarida tirbandliklar yuzaga keldi.

«Joriy yilning 1-iyun kuni soat 12.00 da Toshkent shahridagi «Ashxobod» ko‘ngilochar bogʻida tekinga 20 000 ta oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida bogʻ ma’muriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan. Biroq bir vaqtning oʻzida oʻyinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 000 nafar fuqarolarni bogʻ hududida jamlashning imkoni boʻlmasligi, yoʻl harakati va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni oʻtkazmaslik haqida bogʻ rahbariyati ogohlantirilgan. Lekin bogʻ ma’muriyati ommaviy tadbirlarni oʻtkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga oʻyinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, bogʻ hududida va uning atrofida aholini ommaviy ravishda toʻplanishiga sababchi boʻlgan va bu harakati orqali fuqarolarga xavf tugʻdirgan», deyiladi IIV xabarida.

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan bogʻ direktori 1981-yilda tugʻilgan A.N., direktor oʻrinbosari 1987-yilda tugʻilgan A.Z., reklama boʻlimi boshligʻi 1994-yilda tugʻilgan D.T.ga nisbatan OʻzR Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 185 prim.3, 200 prim.1, 201-moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, voqeadan so‘ng «Ashxobod» bog‘idagi vaziyat nazorat ostida olingan, deb xabar berdi IIV.

Shuningdek