Oʻzbekiston fuqarolari kelgusida Qatarga borib ishlashi mumkin boʻladi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2-iyun kuni Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda asosiy e’tibor Oʻzbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish, ularni tayyorlash va uyushgan tarzda yuborish masalalariga qaratildi.
Qatar davlat mehnat vazirining ta’kidlashicha, ushbu mamlakatda ayni vaqtda tibbiyot, ta’lim, IT, mahsulotlarni sanoat usulida qayta ishlash, mehmonxona xizmati va OAV sohalarida xorijlik ishchi kuchiga talab yuqori.
Qatar davlat mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri xorijdan borib ishlovchilarning huquqlari davlat tomonidan mustahkam himoya qilinishi, ayni maqsad va koʻrsatkichlar 2008-yilda tasdiqlangan «Qatar Vision – 2030» dasturida ham oʻz aksini topganini ma’lum qildi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston va Qatar strategik sheriklarga aylangani haqida xabar bergan edi.