Vazirlar Mahkamasining «Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Samarqand, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida tajriba tariqasida ularga joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyojlari va xohishlariga koʻra qisqa muddatli va uzoq muddatli boʻlish hamda pansionatdan toʻliq chiqib ketish huquqi beriladi.
Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari joylashgan hududdagi oʻzgalar parvarishga muhtoj keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan, “Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri»ga kiritilgan oilalardagi nogironlar uchun qisqa muddatli va uzoq muddatli ijtimoiy xizmatlar shartnoma asosida, reabilitatsiya xizmatlari esa masofadan va kunlik tashriflar shaklida koʻrsatiladi.
Bunda ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari narxining 20 foizi yagona reyestrga kiritilgan keksalari va nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq toʻlanadi. Bu miqdor Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining ruxsati bilan bosqichma-bosqich 50 foizgacha oshirilishi mumkin.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi «Ijtimoiy mahsulot» elektron savdo maydonchasi, boshqa elektron savdo maydonchalari va koʻrgazmalarda hamda «Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan ijtimoiy mahsulot» koʻrgazmasi doirasida koʻmakka muhtoj aholi tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlarini sotishga koʻmaklashadi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab har chorakda Oʻzbekiston volontyorlar assosiatsiyasi va «Nuroniy» jamgʻarmasi Agentlikka ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatish jarayonida ishtirok etishni xohlovchi koʻngillilar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni taqdim etib boradi.
Markazlarga koʻngilli sifatida qabul qilingan shaxslarni ragʻbatlantirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat ijtimoiy himoya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda qancha o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar yashashi haqida xabar bergan edi. O‘zRda qancha fuqaro pensiya olishi ham ma’lum bo‘ldi.