Joriy yilning dastlabki besh oyida Rossiyada ishlash yoki yashash maqsadida ruxsatnoma olish uchun imtihonlardan oʻta olmagan xorij fuqarolari ulushi oʻn baravar oshdi. Bu haqda Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga tayanib, «TASS» nashri xabar bermoqda.
Vazirlik buni imtihon jarayoni ustidan nazorat kuchaytirilgani bilan izohladi. Sinovda mamlakat tili, tarixi va Rossiya Federatsiyasining asosiy qonunchiligini bilish talab qilinadi.
«Imtihon topshirish tartibiga qoʻyiladigan talablar qattiqlashdi, bu esa muvaffaqiyatsizlikka uchraganlar sonining sezilarli darajada koʻpayishiga olib keldi», deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasida 129 ta imtihon uchastkalari faoliyat yuritmoqda. Ulardan 41 tasi Rossiya Ichki ishlar vazirligi negizida, 87 tasi federal va mintaqaviy universitetlar negizida va yana bittasi hududiy davlat tashkiloti negizida tashkil qilingan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistondagi deyarli barcha maktablarda rus tilini oʻqitish sifatini oshirish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.