O‘zbekiston Musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi avvalroq kriptovalyuta harom ekanligi haqidagi ma’lumot tarqatgani uchun uzr so‘radi. Murojaat tashkilotning Telegram-kanalida e’lon qilingan.
Fatvo markazi quyidagi murojaat bilan chiqdi:
«2024-yil 3-iyun kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi tomonidan «KRIPTOVALYUTALAR SAVDOSI JOIZMI?» degan mavzuda savol-javob loyihasi texnik sabablarga koʻra, ehtiyotsizlik oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganini ma’lum qilamiz. Fatvo markazi direktori Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va u kishining oʻrinbosarlari muborak haj safarida ekani, mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagani va shuningdek, zamonaviy masalalarni keng qamrovli oʻrganish ishlari olib borilayotganini bildiramiz. Siz azizlardan uzr soʻragan holda ushbu fatvo ustidagi ilmiy tadqiqotlarni nihoyasiga yetkazib, qayta e’tiboringizga havola qilinishini ma’lum qilamiz».
Avvalroq «Kursiv» Fatvo markazi kriptovalyutalar haqida nima yozganligi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilgan edi.