Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Turkiyada bo‘ladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 6-iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif doirasida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi ikki davlat rahbarlari ishtirokida Anqarada bo‘lib o‘tadi.
«Sammit kun tartibidan O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan. Amaliy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, «yashil» energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi”, deyiladi Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq «Kursiv» Turkiya turkiy davlatlar mudofaa sanoatini rivojlantirishda yordam berishga tayyorligini bildirganini yozgan edi.