Yangiliklar

Gʻarb davlatlarining Falastin muammosiga munosabati qattiq xavotirga solmoqda — Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti yana Falastin – Isroil mojarosiga to‘xtaldi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga boʻlgan tashrifi chogʻida ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan bayonotida Falastin masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

«Bugun biz xalqaro hamjamiyat, jumladan, Gʻarb davlatlarining fojiaga munosabatidan qattiq xavotirdamiz. Amalda ikki tomonlama standartlar kuzatilmoqda. Demokratiya va inson huquqlarini keng targʻib qilayotgan, ularning himoyasi tarafdori boʻlgan yetakchi, rivojlangan davlatlar bu qotilliklarga, bu vahshiyliklarga koʻz yummoqda», dedi Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev zoʻravonlikni toʻxtatish va mojaroni muzokaralar yoʻli bilan hal qilish zarurligini ta’kidladi.

«Albatta, zoʻravonlikni butunlay toʻxtatib, tinchlik jarayonini boshlash kerak. Gʻazodagi fojia haligacha hal etilmagan Isroil – Falastin mojarosining ayanchli oqibatlaridir. Barqaror va mustahkam tinchlikka erishish uchun mustaqil va erkin Falastin davlatini yaratish zarur. Aslida Falastin muammosi butun Yaqin Sharq muammosidir», dedi Oʻzbekiston rahbari.

Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev Gʻazo sektorida harbiy harakatlarni toʻxtatishga birinchi marta chaqirayotgani yoʻq. Avvalroq Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida Oʻzbekiston rahbari mojaro haqida gapirib, falastinliklar uchun mustaqil davlat yaratishga chaqirgan edi.