O‘zbekistonda 2024/2025-o‘quv yili uchun birinchi sinfga qabul 20-iyundan boshlanadi, deb xabar qildi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Jarayon ikki bosqichda amalga oshiriladi: yashash joyidagi mikrohudud ichida arizalarni qabul qilish (20-iyundan 31-iyulgacha) va mikrohududdan tashqarida (1-avgustdan 15-avgustgacha) arizalarni qabul qilinadi.
my.maktab.uz sayti orqali ariza topshirish mumkin, ammo elektron xizmat faqat ma’lum tuman va shaharlarda mavjud. Roʻyxat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin. Ushbu onlayn xizmat mavjud boʻlmagan joylarda talabalar vazirlikning elektron ma’lumotlar bazasi orqali kiritiladi.
Avvalroq «Kursiv» mamlakatda maktab bitiruvchilari soni ortgani – 2024-yilda 414,6 ming nafar o‘g‘il-qiz ta’lim muassasalarini tamomlagani xabar qilgan edi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 5,9 foizga ko‘pdir.