Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi binosi yonidan oʻtgan yerosti kabellarida yongʻin holati kuzatilganligi sababli davlat xizmatlarida pasport va manzil bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatishda uzilishlar yuzaga keldi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga koʻra, Ichki ishlar vazirligining «Manzil» (fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash manzili yuzasidan JShShIR hamda kadastr raqami orqali qidirish) veb-servisi server qurilmalarida nosozliklar kuzatilmoqda. Buning natijasida notariuslar tomonidan koʻchmas mulklar bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlashda uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.
Shuningdek, Yakkasaroy tumanining Konstitutsiya va Yunus Rajabiy mahallalari hamda Mirobod tumanining Abdulla Avloniy va At-Termiziy mahallalaridagi aholi iste’molchilari elektr energiyasidan uzilgan.
Avvalroq «Kursiv» «Kosmonavtlar» metro bekati yaqinida yer ostida yongʻin sodir boʻlgani haqida xabar bergan edi. Voqea joyiga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 08:15 da yetib borib, soat 09:08 da qurshab olingan va hodisa soat 09:15 da bartaraf etildi.