Aksariyat oʻzbekistonliklar raqamli texnologiyalardan yomon foydalanadi – HeadHunter
HeadHunter.uz soʻroviga ko‘ra, oʻzbekistonliklarning aksariyati Excel, Word, PowerPoint ofis dasturlaridan hamda raqamli ilgʻor texnologiyalardan yetarli darajada foydalana olmasligi ma’lum bo‘ldi.
Soʻrov ishtirokchilarining atigi 19 foizi ofis dasturlari boʻyicha ekspert darajasiga ega, 65 foizi esa Excel, Word va PowerPointʼdan o‘rtacha darajada foydalanadi. Taxminan 16 foiz bu dasturlar boʻyicha faqat boshlang‘ich bilimlarga ega.
Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 88 foizi sun’iy intellekt va neyrotarmoqlar bilan tanish, lekin bu mavzularda faqat toʻqqiz foizi yaxshi darajada foydalanadi. Shuningdek, uch foiz neyron tarmoqlar qanday ishlashini va ularning afzalliklarini tushunadi. Respondentlarning atigi toʻrt foizi robototexnikadan xabardor.
Oʻzbekistonliklarning qariyb 50 foizi Google Drive va Webex kabi onlayn vositalardan muvaffaqiyatli foydalanadi, lekin respondentlarning atigi olti foizi dasturlar boʻyicha yuqori darajadagi bilimga ega.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda toʻliq boʻlmagan ish oʻrinlari koʻpaygani haqida xabar bergan edi.