Yangiliklar

AQSh prezidentining o‘g‘li noqonuniy qurol saqlashda aybdor deb topildi

Unga 25 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin
Rasm: AP

Sud hay’ati AQSh prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Hanterni o‘qotar qurol sotib olish va saqlashdagi qoidabuzarliklarda aybdor deb topdi, deb xabar berdi CNN.

Hanter Bayden 2018-yilning kuzida revolver sotib olish va unga egalik qilish bilan bog‘liq uchta ayblov bo‘yicha aybdor deb topildi. Sud hay’ati o‘z qaroriga kelgunga qadar uch soatcha muhokama qildi.

Jurnalistlarning qayd etishicha, kichik Bayden AQShning amaldagi prezidenti oilasining sud tomonidan aybdor deb topilgan birinchi a’zosi bo‘ldi.

Hanter Bayden 25 yilgacha qamoq jazosi va 750 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin. 120 kun ichida hukm chiqadi.

Avvalroq «Kursiv» may oyi oxirida AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp biznes hisobotlarini soxtalashtirishda aybdor deb topilganini e’lon qilgan edi.