Nima sababdan Markaziy bank asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank boshqaruvi 13-iyun kungi yigʻilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, may oyida umumiy inflyatsiya uy xoʻjaliklari uchun energiya resurslari narxlari oshirilishi hisobiga tezlashib, yillik 10,6 foizni tashkil etdi. Energiya narxlari ta’sirisiz inflyatsiya darajasi oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi hisobiga 6,8 foiz doirasida shakllandi.
Umumiy inflyatsiyaga monetar omillar ta’siri kamayib borishi hisobiga bazaviy inflyatsiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etib, may oyida 6,3 foizga teng boʻldi. Xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yil boshidan biroz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi.
«Aprel oyidagi energiya tariflari oʻzgarishi borasidagi muhokamalar hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi ta’sirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari oshib, mos ravishda 14,0 va 13,3 foizga teng boʻldi. May oyida aholi kutilmalari 14,0 foiz darajasida oʻzgarishsiz qolgan boʻlsa, tadbirkorlarning kutilmalari 12,7 foizgacha pasaydi», deyiladi xabarda.
Joriy yilning yanvar-may oylaridagi muqobil statistik ma’lumotlarga koʻra, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank asosiy stavkasi – inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosatini yuritishning asosiy instrumenti boʻlib, MBning tijorat banklari bilan amalga oshiradigan pul-kredit operatsiyalari boʻyicha moʻljal foiz stavkasi hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Markaziy banki ilk bor xorijiy davlat qimmatli qogʻozlariga investitsiya kiritgani haqida xabar bergan edi.