Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida»gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda parlament quyi palatasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunga Oʻzbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilash zarurati sabab boʻlgan.
Loyiha Qozogʻiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Belarus, XXR kabi davlatlarning ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni OʻzRda boʻlishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda.
Mazkur shaxslar tomonidan quyidagi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni OʻzRda boʻlishi nomaqbul deb topish uchun asos boʻladi:
- Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan;
- davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi;
- Oʻzbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi.
Mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarga 5 yil davomida quyidagilar taqiqlanadi: Oʻzbekistonga kirish, banklarda hisob varaq ochish, koʻchmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.
Shuningdek, qonun loyihasida mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi nazarda tutilgan.
Avvalroq «Kursiv» tijorat maqsadida O‘zbekistonga kelayotgan chet fuqarolarining soni ortgani haqida xabar bergan edi.