Yangiliklar

Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi savdo aylanmasi $2,5 mlrdni tashkil etdi

2023-yil yakunlariga ko‘ra
Foto: Prezident matbuot xizmati

2023-yil yakuniga koʻra Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $2,5 milliardga yetdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning uchrashuvida ma’lum qilindi.

Ikki davlat rahbarlari uchrashuv chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, Madaniy-gumanitar almashinuv samarali rivojlanayotgani yuqori baholandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Koreya yetakchi oliygohlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oʻz navbatida, Janubiy Koreyada 11 mingdan ortiq oʻzbekistonlik talabalar ta’lim olayotgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Avvalroq «Kursiv» Janubiy Koreyaning Oʻzbekistonga kiritgan sarmoyasi $7,5 milliardni tashkil etgani haqida xabar bergan edi.