Yun Sok Yol “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va U-ENTER markazini ko‘zdan kechirdi
Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol O‘zbekistonga tashrifining birinchi kunida «U-ENTER» innovatsion tadbirkorlik markazi faoliyati bilan tanishdi va «Yangi O‘zbekiston» bog‘ini kezib chiqdi, dedi Oʻzbekiston Bosh vaziri matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov.
Safarda Janubiy Koreya davlati rahbariga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohlik qildi.
Mamlakatlar vakillari Koreya Respublikasi Xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida tashkil etilgan U-ENTER markaziga tashrif buyurishdi. Mazkur tuzilma o‘zbekistonlik yosh tadbirkorlarga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Tashrif davomida Yun Sok Yol mahalliy biznes doiralar vakillari bilan suhbatlashdi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreya rahbari rafiqasi bilan «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Avvalroq «Kursiv» Yun Sok Yolni O‘zbekistonda qanday kutib olgani haqida e’lon qilgan edi.