Gruziya banki O‘zbekistonning davlat qarziga sarmoya kirita boshladi
Gruziyaning yetakchi banki «Bank of Georgia» «Tartibga solish qumdoni» yangi huquqiy rejimi doirasida O‘zbekistonning davlat obligatsiyalarini sotib olgan birinchi xorijiy investor bo‘ldi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) saytida ma’lum qilindi.
Bitim 2024-yil 13-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. ILMA veb-saytida sotib olingan obligatsiyalarning daromadliligi va qimmatli qog‘ozlarning muomala muddati qanday ekanligi aniqlanmagan. Bunday operatsiyalar amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi (UZRVB) platformasida 13-iyun kuni platformaning qarz bozoridagi savdolar hajmi 191,4 mlrd so‘mni, qimmatli qog‘ozlarning o‘rtacha daromadliligi esa 17,66 foizni tashkil etdi. Biroq bu bozor bo‘yicha ma’lumotlar. Gruziya banki qancha hajmni sotib olgani oshkor etilmagan.
«Ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonga yirik xalqaro moliya institutlari va portfel investorlarini, jumladan, yirik kastodian banklar va investitsiya vositachilarini jalb qilishga yordam berishi mumkin», deb hisoblaydi ILMA.
Davlat qarziga investitsiyalar risklar nuqtai nazaridan eng xavfsiz hisoblanadi. Odatda yangi investorlar bozorga kirishga qaror qilishda davlat qimmatli qog‘ozlaridan boshlanadi.
2022-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) respublikaning davlat obligatsiyalarini ichki bozordan sotib olishni boshlagani xabar qilingandi. O‘zRVB xabariga ko‘ra, o‘sha yilning 1-noyabr kuni saytida muomala muddati 182 kun bo‘lgan davlat qimmatli qog‘ozlarini joylashtirish bo‘yicha auksion o‘tkazilgan. Ular bo‘yicha o‘rtacha rentabellik 16,6 foizni tashkil etdi.