Poytaxt yo‘llarida besh oy ichida: 29 kishi halok bo‘ldi va 364 kishi jarohat oldi
Toshkent shahrida besh oy davomida 393 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 29 kishi halok bo‘ldi, 364 nafari tan jarohati oldi. YTHlarning asosiy qismi (240 tasi) piyodalar ishtirokida sodir etilgan. Bu raqamlar poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 99 foiz hollarda yo‘l harakati ishtirokchilarining o‘zlari aybdor: yo‘l harakati qoidalariga e’tibor bermagan haydovchilar va yo‘lni noto‘g‘ri joylardan kesib o‘tgan piyodalar.
Har bir avariya joyini tahlil qilish, kerakli chora-tadbirlarni belgilash va oldini olishni kuchaytirish zarur, deyiladi yig‘ilishda.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston yo‘l-transport hodisalari tufayli $2 milliardga yaqin yoki YaIMning 2,8 foizini yo‘qotgani haqida e’lon qilgan edi. Bu haqda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (ECE) hisobotida aytiladi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lim va jarohatlarning qariyb 50 foizi piyodalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Komissiya O‘zR hokimiyat organlariga yo‘l infratuzilmasini o‘zgartirish va piyodalar harakatini optimallashtirishni tavsiya qiladi.